Xorazm viloyatida Qoʻriqlash faoliyati samaradorligi kompleks oʻrganildi
Joriy yilning 20–21 noyabr kunlari Qoʻriqlash departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari polkovnik A.Y.Eshqobulov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi tomonidan Xorazm viloyatida Qoʻriqlash faoliyatini tashkil etish yoʻnalishlari boʻyicha keng qamrovli kompleks oʻrganishlar amalga oshirildi.
Oʻrganish doirasida viloyat hududidagi savdo komplekslari, aholi koʻp toʻplanadigan joylar, koʻngilochar maskanlar, bank muassasalari, xizmat koʻrsatish obyektlari, shuningdek, xalqaro aeroport qoʻriqlovini tashkil etish va ularning daxlsizligini taʼminlashning amaldagi holati atroflicha tahlil qilindi. Shu bilan birga, xizmatni zamon talablariga mos kadrlar bilan taʼminlash, xodimlarning kasbiy mahorati va xizmat madaniyatini oshirish, tarbiyaviy ishlar samaradorligini kuchaytirish, xodimlar va ularning oila aʼzolari bilan “rahbar – xodim – ota-ona” tamoyili asosida yaqin hamkorlikda ishlash, shaxsiy tarkib oʻrtasida sogʻlom xizmat muhitini shakllantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan oʻrganishlar olib borildi.
Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga muvofiq, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, “qizil” toifaga kiruvchi mahallalarda zamonaviy texnik qoʻriqlov vositalari orqali kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, tezkor harakatlanuvchi guruhlar faoliyati samaradorligini yanada oshirish, fuqarolar xonadonlari va obyektlarni texnik qoʻriqlovga olish borasidagi amaliy ishlar ham atroflicha oʻrganildi.
Oʻrganish natijalariga koʻra, viloyatda qoʻriqlash tizimining joriy holati, xizmat samaradorligi, xodimlarning faoliyat natijalari hamda tizimning ishlash mexanizmlari sohalar kesimida batafsil tahlil etildi. Yakunda masʼul rahbarlar va xodimlar bilan yigʻilish oʻtkazilib, xizmat faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish, rivojlantirish va samaradorlikni oshirish boʻyicha aniq topshiriqlar hamda amaliy yoʻl xaritasi belgilab berildi.
Shuningdek, xizmatda yuqori koʻrsatkichlarga erishayotgan bir guruh fidoyi xodimlar hamda ularning ota-onalariga minnatdorlik bildirilib, Departament rahbariyati tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.