KAMONDAN OTISH SPORT TURI MAKTAB O‘QUVCHILARI ORASIDA KENG OMMALASHMOQDA
Yoshlarni sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida Jizzax viloyati "Qo‘riqlash" boshqarmasi va viloyat Kamondan otish federatsiyasi bilan hamkorlikda 12-13 yoshli o‘g‘il bolalar o‘rtasida sportning kamondan otish turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Bellashuvlar boshlanishidan avval ishtirokchilarga malakali murabbiylar tomonidan mahorat darslari o‘tkazilib, kamondan otish texnika va sir asrorlari borasida ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng yosh merganlar mazkur sport turining olimpik va jamoaviy yo‘nalishlarida, shuningdek 12 metr masofadan o‘q uzib, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Musobaqani o‘tkazishdan asosiy maqsad – kamondan otish sportini viloyatda yanada rivojlantirish, yosh sportchilarga malakasini oshirish uchun yetarlicha sharoitlar yaratish hamda viloyat va respublika terma jamoalariga malakali mutaxassislarni yetkazib berishdan iboratdir.
O‘tkazilgan musobaqa natijalariga ko‘ra g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchi yoshlar Jizzax olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining kamondan otish yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadilar.