“Jadidlar taʼlim va taraqqiyotga xizmat qilganidek, biz ham birga uchrashib yangi imkoniyatlar yaratamiz” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy kecha oʻtkazildi
Surxondaryo viloyatida “Jadidlar taʼlim va taraqqiyotga xizmat qilganidek, biz ham birga uchrashib yangi imkoniyatlar yaratamiz” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda Ichki ishlar, Qoʻriqlash boshqarmalari, Prokuratura xodimlari, harbiy xizmatchilar, faxriylar, oliy taʼlim muassasalari talabalari, otaliqqa olingan yoshlar, shuningdek, deputatlar, professor-oʻqituvchilar, taniqli shoir va shoiralar ishtirok etdi.
Maʼnaviy kechada XX asr boshlarida taraqqiyot va maʼrifat yoʻlida fidokorona xizmat qilgan jadidchilik harakati namoyandalari – Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Munavvar Qori Abdurashidxonov kabi milliy uygʻonish peshqadamlarining hayoti, faoliyati va tarixiy merosi haqida keng maʼlumot berildi. Ularning ilm-fan, maʼrifat va istiqlol yoʻlidagi xizmatlari, xalq ogohligi va oʻzligini anglash borasidagi oʻrni yoritildi.
Tadbir davomida deputatlar, professorlar, oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, shoir va shoiralar soʻzga chiqib, jadidlar merosi, bugungi yoshlarga berayotgan saboqlari, ilm-fan va maʼnaviyatga boʻlgan ehtiyoj haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi. Zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnikalar koʻrgazmasi tashkil etilib, unda ishtirokchilar katta qiziqish bilan qatnashishdi.
Yakunda esa yurt posbonlari uchun kitob yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda xodimlar va yoshlar uchun tarix, harbiy ish, vatanparvarlik, maʼnaviyat va mustaqillik gʻoyalarini aks ettiruvchi adabiyotlar taqdim etildi. Tadbir ishtirokchilarida tarixiy xotira, milliy gʻurur va vatanparvarlik tuygʻulari yanada mustahkamlandi.