Yangiliklar

19 Sentyabr 2025

Mintaqaviy oʻquv markazlarida tahsil olayotgan tinglovchilar uchun kitob yarmarkalari hamda kutubxonalarga tashriflar tashkil etildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Toshkent mintaqaviy oʻquv markazlarida tahsil olayotgan tinglovchilarining kitobxonlikka boʻlgan qiziqishlarini oshirish, maʼnaviy dunyolarini boyitish hamda oilaviy kitobxonlik anʼanalarini mustahkamlash maqsadida kitob yarmarkalari hamda kutubxonalarga tashriflar tashkil etildi.

Yarmarkalarda turli yosh va qiziqishlarga mos badiiy, ilmiy-ommaviy, bolalar hamda tarbiyaviy adabiyotlar keng namoyish etildi. Xodimlar nafaqat oʻzlari uchun, balki farzandlari va oila aʼzolari uchun ham turli xil mazmunli kitoblar xarid qildilar.

Bundan tashqari, kutubxonalarga tashriflar davomida sohalarga oid eng sara kitoblar taqdim etilib, ularning mazmuni, foydali jihatlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Yangi kitoblar taqdimotlari hamda adabiyot, psixologiya, shaxsiy rivojlanish boʻyicha kitoblar atrofida ochiq suhbat va munozaralar tashkil etildi. Xodimlar oʻz fikrlari va taassurotlarini oʻrtoqlashdi.

Ushbu tadbirlarni oʻtkazishdan asosiy maqsad – xodimlarda kitobxonlik madaniyatini kuchaytirish, ularni oʻz ustida ishlashga, bilimlarini oshirib borishga undash, jamoa ichida fikrlash doirasini kengaytirish, innovatsion gʻoyalarni ilgari surishga zamin yaratish, intellektual muhitni rivojlantirish va sogʻlom raqobatni kuchaytirishdan iborat.