Yangiliklar

6 May 2024

“MEN DONORMAN” XAYRIYA AKSIYALARI TASHKIL ETILMOQDA

Samarqand viloyati Qon quyish stansiyasi tomonidan davlatimiz rahbarining 2022 yil 9 avgustdagi “Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish choralari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida joylarda “Men donorman” xayriya aksiyalari tashkil etilmoqda. Navbatdagi aksiya Samarqand shahar "Qoʻriqlash" boʻlimida oʻtkazildi.
Maxsus koʻchma avtobusda tashrif buyurgan Samarqand viloyat qon quyish stansiyasi mutaxassislari yigʻilganlarga qon olish jarayoni qanday kechishi, qon topshiradiganlarga qoʻyiladigan talablar va ularning huquqlari, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish toʻgʻrisida tushunchalar berib oʻtdi. Sogʻlom kishining qon topshirishi oʻz salomatligi uchun nechogʻlik foydali ekanligi, qolaversa, topshirilgan qon davolanishi qiyin boʻlgan onkogematologik va talassemiya kasalliklariga chalingan bemorlar hayotini saqlab qolishda muhim oʻrin tutishi xususida ham toʻxtalib oʻtdi.
Shundan soʻng, "Qoʻriqlash" boʻlimida xizmat vazifasini oʻtayotgan koʻngilli xodimlar oʻz ixtiyori bilan “Men donorman” aksiyasida faol ishtirok etib begʻaraz qon topshirishdi.