Yangiliklar

11 Avgust 2023

VIRTUAL OLAMDAGI FIRIBGARLARDAN OGOH BO‘LING

Hozirgi global axborot maydonida kibermakon bilan bog‘liq yangidan-yangi tahdidlar yuzaga kelmoqda. Shu bois virtual olamdagi hujumlardan himoyalanish masalasi dunyo hamjamiyatini jiddiy tashvishga solmoqda.

Toshkent shahar “Qo‘riqlash” boshqarmasida o‘tkazilgan davra suhbati kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashishning dolzarb muammolariga bag‘ishlandi.

Anjumanda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, axborot texnologiyalari bo‘yicha ekspertlar, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

So‘z olganlar axborot xavfsizligini ta’minlash va kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda yuzaga kelayotgan muammolar, "Qo‘riqlash" xizmati bo‘linmalarida mazkur sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash istiqbollari haqida to‘xtaldilar.

Mutaxassislar tahlillarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har yili 500 milliondan ortiq kiberhujumlar uyushtirilib, har soniyada 12 nafar insondan biri kibermakonda sodir etilgan tahdidlar qurboniga aylanayotganini ta’kidladilar.

O‘zbekistonda ham so‘nggi uch yilda bu turdagi jinoyatlar 8,3 baravarga ko‘payib, hozirda umumiy jinoyatchilikning qariyb 5 foiziga yetgan. Xususan, noqonuniy bank-moliya operatsiyalari orqali o‘zgalarning plastik kartadagi mablag‘larini o‘zlashtirish, zararli viruslar tarqatish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar, diniy aqidaparastlikka qaratilgan axborot xurujlari, onlayn savdo maydonidagi firibgarlik jinoyatlari ko‘payib borayotganligi e’tirof etilib, xodimlar bu kabi firibgarliklarga duch kelmasliklari uchun hushyor va ogoh bo‘lishlari lozimligi qayd etildi.