Yangiliklar

19 Iyul 2023

“GIYOHVANDLIK – ASR VABOSI” SHIORI OSTIDA DAVRA SUHBATI O‘TKAZILDI

Inson salomatligi jismoniy tarbiya va faol harakatlar, sog‘lom turmush tarzi orqali mustahkamlansa, afsuski, jamiyatda o‘z salomatligiga befarq, bilib bilmay giyohvandlik deya atalmish qora ko‘chaga kirib qolayotganlar ham uchramoqda. Ayniqsa internet tarmog‘i orqali turli ko‘rinishdagi giyohvandlik moddalarining targ‘ib etilayotganligi esa kishidan har qadamda ogohlikni talab etmoqda.

“Giyohvandlik - asr vabosi” shiori ostida tashkil etilgan davra suhbatida Samarqand shahar “Qo‘riqlash” bo‘limi shaxsiy tarkibi ishtirok etib, ushbu zahri qotilning salbiy jihatlari, turli tarkibida narkotik moddalarni o‘zida saqlovchi moddalar insonni ham aqliy ham jismoniy tanazzulga yetaklashi haqida so‘z bordi.

Shu bilan birga mutaxassislar qo‘riqlanayotgan obyektlarga qora dorini olib kirishga urinish kabi noxush holatlar uchramasligi uchun yanada sergaklik bilan xizmat olib borishi, nazoratni yanada kuchaytirishlari, har bir nazorat o‘tkazish postlarida fuqarolar, ishchi-xizmatchilarning shaxsiy va boshqa turdagi buyumlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirishlari, qo‘riqdagi joylarni xavfsizligini ta’minlash barobarida ertamiz egalarining ham sog‘lom bo‘lib o‘sishlarida ko‘makdosh bo‘lishini e’tirof etdilar.

Turli ko‘rinishlarda tarqatishga harakat qilinayotgan narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, ayniqsa, qo‘riqdagi turli bino va inshootlarga ushbu ajal urug‘ini kirishiga yo‘l qo‘ymaslik har bir xodimdan katta e’tibor, o‘z ishiga yanada mas’uliyat bilan qarashni, xizmat burchini vijdonan bajarishini talab etishi tushuntirildi.

Ochiq va samimiy tarzda tashkil etilgan muloqot savol-javoblarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi.