Yangiliklar

21 Oktyabr 2024

21 oktabr – Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun!

Bugun Fargʻona, Buxoro hamda Xorazm viloyatlari "Qoʻriqlash" boshqarmalarida 21 oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Qadring baland boʻlsin, Ona tilim!” shiori ostida tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda malakali mutaxassislar ishtirok etib, yigʻilganlarga Oʻzbek tilining tarixi, ahamiyati va bugungi kunda tilimizni rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar haqida maʼlumot berdilar.
Bundan tashqari, Oʻzbek tilining boy va goʻzal boʻlishi, uning xalqimiz madaniyati va tarixi bilan uzviy bogʻliqligi, shuningdek, milliy tilni yanada rivojlantirish va kelajak avlodlarga meros sifatida yetkazish masʼuliyati haqida soʻz yuritildi.
Ishtirokchilar ham Ona tilimizning qadr-qimmatini yanada yuksaltirish borasida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar hamda oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Shundan soʻng xodimlar oʻrtasida “Eng yaxshi yosh adib” va “Eng yaxshi shoir” koʻrik-tanlovlari oʻtkazildi. Ushbu tanlovlarda xodimlar oʻz ijodlari bilan ishtirok etib, shoirlar oʻz sheʼrlarini taqdim etdilar. Tanlov orqali yoshlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish, ularni oʻzbek tiliga muhabbat va hurmat ruhida tarbiyalash maqsad qilindi.