Yangiliklar

19 Iyul 2024

“YANGI OʻZBEKISTONNING IBRATLI XODIMLAR OILASI” KOʻRIK-TANLOVI OʻZ NIHOYASIGA YETDI

Oila azal-azaldan muqaddas qoʻrgʻon sanalgan. Inson oilada dunyoga keladi, ulgʻayib kamol topadi. Eng avvalo oila mustahkam, tinch boʻlsa jamiyat barqaror boʻladi. Unib oʻsayotgan farzandlar har tomonlama barkamol boʻlishiga imkon yaratiladi.
Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarining oilaviy jamoalari oʻrtasida “Yangi Oʻzbekistonning ibratli xodimlar oilasi” koʻrik-tanlovi oʻz nihoyasiga yetdi. Koʻrik-tanlovdan koʻzlangan asosiy maqsad – shaxsiy tarkib hamda oila aʼzolarining ijodiy salohiyatini rivojlantirish va oilalardagi ijobiy hayotiy tajribasini ommalashtirish, ularning ongida tariximiz, milliy anʼanalarimiz va urf-odatlarimizga chuqur hurmat va ehtiromni yuksaltirish, shuningdek, ular orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etishdir.
Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi "Livingstone" dam olish maskanida boʻlib oʻtgan koʻrik-tanlovining yakuniy bosqichida bir-biridan qiziqarli shartlar asosida bellashgan, respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan ishtirokchi oilalar ijobiy fazilatlari, jamiyatda tutgan oʻrni, oilaning qadriyatlarga munosabati boʻyicha oʻzaro tajriba almashdilar.
Mazkur koʻrik-tanlovda jamoalar 3 shart, yaʼni tanishtirish, sahna koʻrinishi hamda milliy anʼanalar va urf-odatlarni koʻrgazmali namoyish etish shartlarida gʻoliblik uchun oʻzaro bellashdilar.
Ushbu bellashuvni baholab borish uchun malaka va tajribaga ega boʻlgan xodimlardan iborat hayʼat aʼzolari tarkibi tuzilib, har bir jamoa adolatli va xolis baholanib borildi.
Murosasiz va qiziqarli oʻtgan koʻrik-tanlovining yakuniy natijalariga koʻra faxriy 1 oʻrinni Qashqadaryo viloyati jamoasi qoʻlga kiritdi. Gʻolib va sovrindor jamoalar Milliy gvardiya "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasining faxriy yorliqlari va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, “Eng ahil xodimning oilasi”, “Eng quvnoq xodimning oilasi”, “Muxlislar mehrini qozongan xodimning oilasi” va "Milliy urf-odatlar targʻibotchisi" nominatsiyalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oilalar ham munosib ravishda ragʻbatlantirildi.