Yangiliklar

7 Sentyabr 2023

ERTAMIZ EGALARI SPORT BILAN HAMNAFAS

Kuni kecha Toshkent harbiy prokuraturasi, Toshkent shahar "Qo‘riqlash" boshqarmasi hamda Yoshlar siyosati va sport boshqarmalari hamkorligida kamondan otish sport turi bo‘yicha Milliy gvardiya kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Poytaxtimizdagi Chilonzor tumanida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Olimpiya va paralimpiya markazida tashkil etilgan musobaqa poytaxtlik yoshlar uchun katta mahorat maktabi vazifasini o‘tadi.
Jami 12 ta tuman mahalla yoshlari ishtirokidagi uchrashuv yakkalik, jamoaviy hamda miks bahslari bo‘yicha tashkillashtirildi. Mahalla yoshlarini har tomonlama sportga qiziqtirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va yoshlar orasidan iqtidorlilarini aniqlash, saralash va tanlab olish hamda ularni professional sportchilar qilib yetishtirishni maqsad qilgan ushbu musobaqa qizg‘in bahslarga boy o‘tdi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, mazkur musobaqada mahalla yoshlari katta qiziqish bilan o‘z mahoratlarini namoyon etishdi.
Eng ko‘p nishonga olgan va yuqori natijani ko‘rsatgan yoshlar nomi musobaqa yakunida e’lon qilindi. Unga ko‘ra, uchinchi o‘rinni Bektemir tuman yoshlari, ikkinchi o‘rinni Mirzo Ulug‘bek tuman yoshlari va nihoyat faxrli birinchi o‘rinni Chilonzor tumani mahalla yoshlari qo‘lga kiritishdi. G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.