YOSHLAR O‘RTASIDA SPORT FESTIVALI TASHKIL ETILDI
Sport – bu sog‘liq, sport bu yoshlik, u shahdu shijoat, barkamollik va yetuklik demakdir. Shu boisdan ham mamlakatimizda aholi va yoshlar o‘rtasida sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishlarini yo‘lga qo‘yish, sport maydonchalarini yangidan ta’mirlash va yoshlarga keng ko‘lamli qulayliklar yaratish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda. Toshkent shahar Olmazor tumanidagi "Yosh gvardiyachilar" bolalar va o‘smirlar sport maktabida Toshkent harbiy prokuraturasi, Toshkent shahar "Qo‘riqlash" boshqarmasi mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda yoshlar festivali tashkil etildi.
Joriy yilning aprel oyida Milliy gvardiya tasarrufiga o‘tkazilib, uning negizida "Yosh gvardiyachilar" bolalar va o‘smirlar sport maktabi tashkil etilgan ushbu sport maktabi ayni kunlarda mahalliy aholi va yosh sportchilarning eng sevimli maskanlaridan biriga aylanib ulgurdi. O‘quvchi yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan sport festivalida so‘z olganlar Prezidentimiz rahbarligida yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning sport bilan shug‘ullanishlari uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida e’tirof etdilar.
Yuqori saviyada tashkillashtirilgan sport festivalida 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan sportchilarimiz turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z tengdoshlari g‘oliblik uchun jiddiy bahs olib borishdi.
Mazkur sport majmuasida nafaqat sportchilar balki mahalla yoshlarining ham sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Bu esa yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qizg‘in bahslarga boy o‘tgan festival yakunida g‘oliblarga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari ulashildi. Bu kabi tadbirlar kelgusida yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga hamda o‘zaro do‘stona aloqalarni mustahkamlab borishda muhim ahamiyat kasb etadi.