YO‘L HARAKATI XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH MAQSADIDA UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI
Insoniyat yashayotgan bugungi davrni avtotransport vositalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bajarayotgan xar bir ishimizni yengil qiladigan, ishimizni unumdorligini oshirib beradigan texnika vositalari ham aynan avtomobillar hisoblanadi.
Aynan serqatnov yo‘llarda harakatni belgilangan va amaldagi tartib qoidalarga ko‘ra amalga oshirish, xavfsizlik qoidalariga to‘la amal qilish nafaqat haydovchining, balki harakatning boshqa ishtirokchilarining ham xavfsizligini ta’minlashga asos bo‘ladi.
Kuni kecha Toshkent viloyati "Qo‘riqlash" boshqarmasi shaxsiy tarkibi ishtirokida yo‘l transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati qoidalariga rioya etish, haydovchilar bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish, yo‘lda harakatlanish madaniyatini yuksaltirish masalalari yuzasidan uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuvlarda Qibray tumani Yo‘l patrul xizmati mas’ullari tomonidan xodimlarga shaxsiy hamda xizmat avtomobillarini boshqarishda ahamiyat qaratish lozim bo‘lgan muhim jihatlar, yo‘l belgilarini yoddan bilish yo‘l transport hodisalari kelib chiqishining olini olishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Har qanday mashinani boshqarishdan oldin avvalo uning soz holatda ekanligini tekshirib ko‘rish lozimligi qayd etilib, maxsus xizmat avtotransportlari nazoratdan o‘tkazildi.