XODIMLAR UCHUN NAVBATDAGI ARZONLASHTIRILGAN OZIQ-OVQAT YARMARKASI TASHKIL ETILDI
Yangi yil bayrami yaqinlashishi bilan barcha ushbu sanani toʻkin dasturxon atrofida kutib olish uchun munosib tayyorgarlik koʻrishga harakat qiladi. Ayni shu maqsadda xodimlarning bayram kayfiyatini koʻtarish, Yangi yil bayrami dasturxonini turli arzonlashtirilgan oziq-ovqat bilan taʼminlash maqsadida Milliy gvardiya Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasida oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkasi tashkil etildi. Eʼtiborli jihati shundaki, mazkur yarmarkada hududiy taʼminot korxonalari hamda dehqon va fermer xoʻjaliklari tomonidan yetishtirilgan goʻsht, qandolat hamda un mahsulotlari, poliz ekinlari, baliq, mevalar, hamda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bozor narxidan 15-20 foizgacha arzonlashtirilgan narxlarda taqdim etildi.
Shuningdek, bu kabi yarmarka xodimlar va ularning oila aʼzolarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, qulayliklar yaratish, bayramni koʻtarinki kayfiyatda kutib olishlari maqsadida Namangan viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasida ham tashkil etilib, ichki isteʼmol bozorlarini asosiy turdagi oziq-ovqatlari va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi oʻtkazildi.