XIZMAT INTIZOMINI KUCHAYTIRISH – YANADA SAMARALI FAOLIYATGA ASOS BO‘LADI
Xizmat intizomini mustahkamlash orqali xodimlarning ishchalik qobiliyatini kuchaytirish, shaxsiy tarkib orasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli huquqbuzarliklarning oldini olinishiga sabab bo‘ladi. Buning uchun esa har bir xodim, ofiserdan to serjant va safdorlar tarkibidagi har bir tinchlik posboni o‘z xizmat majburiyatlarini sidqidildan, vijdonan bajarishi talab etiladi.
Kuni kecha Toshkent shahar “Qo‘riqlash” boshqarmasida tashkil etilgan ochiq muloqotda xizmatda qonuniylikni ta’minlash, mol-mulklarni ishonchli himoyasini ta’minlash hamda rahbar va xodim, boshqa mansabdor shaxslar orasida moddiy manfaat evaziga biror ishini bitirib berish, tamagirlik, korrupsion holatlarning oldini olish kabi dolzarb masalalar muhokamalar markazida bo‘ldi.
Toshkent harbiy prokuraturasi mas’ullari tomonidan o‘tgan olti oy davomida harbiy xizmatchi va xodimlar orasida sodir etilgan salbiy holatlar, ularga olib kelgan sabablar hamda muammolar haqida so‘z bordi.
Avvalo, xizmatda turli ko‘ngilsiz holatlarga duch kelmaslik uchun har bir xodim o‘z majburiyatlari bilan birga vakolatlarini yaxshi anglashi, faoliyatga doir qonunchilikka kiritilgan yangiliklarni esa puxta o‘zlashtirishi talab etilishi ta’kidlandi.
Har qanday xizmat samarali tashkil etilishi uchun birinchi navbatda xizmat intizomiga qat’iy amal qilish lozimligi tushuntirildi.