Yangiliklar

7 May 2024

"JASORAT – MILLAT GʻURURI VA IFTIXORI" SHIORI OSTIDA "UCH AVLOD UCHRASHUVI"

Bugun Toshkent shahar "Qoʻriqlash" boshqarmasida soha faxriylari, shaxsiy tarkib, shuningdek Milliy gvardiya harbiy-musiqa akademik litseyi oʻquvchilari va Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari, Milliy gvardiyaga biriktirilgan maktab oʻquvchilari ishtirokida "Uch avlod uchrashuvi" boʻlib oʻtdi.
Dastavval, tadbir ishtirokchilari yaqinlashib kelayotgan 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan, muqaddam "Qoʻriqlash" xizmati tizimlarida faoliyat olib borib, xizmat davrida mardonavor vafot etgan xodimlar sharafiga tashkil etilgan "Xotira burchagi"ga tantanali gul qoʻyishdi. Shundan soʻng, mehmonlar Toshkent shahar "Qoʻriqlash" boshqarmasining Axborot-tahlil va monitoring markazi hamda tezkor harakatlanuvchi guruh faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tadbirning ikkinchi qismida “Jasorat – millat gʻururi va iftixori” shiori ostida yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Dastlab, bir necha yillar "Qoʻriqlash" xizmatida faoliyat yuritib, 1990-1991 yillarda Respublika "Qoʻriqlash" birlashmasi boshligʻi, shuningdek Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimlarida xizmat qilgan, bugun hurmat va eʼtirofga sazovor isteʼfodagi general-mayor Yoqubov Adxam Xasanovich soʻz olib, mustaqillikning dastlabki yillaridagi xizmatning mashaqqati, "Qoʻriqlash" faoliyatining yoʻnalishlari, moddiy-texnik bazaning holati, xodimlar uchun mavjud boʻlgan shart-sharoitlar haqida atroflicha maʼlumot berdi. Bugun "Qoʻriqlash" saflarida xizmat qilayotgan xodimlarga esa vatanparvarlik va shukronalik tuygʻulari shakllantirish hamda xizmatning mahorat saboqlarini berdi. Milliy gvardiya Faxriylar kengashi aʼzolari esa hayot va mehnat faoliyati davomida toʻplagan boy tajribasi, yoshlik davridagi oʻziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar va hozirgi paytda koʻrsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida dil soʻzlarini, samimiy fikrlarini bildirishdi.
Shundan soʻng Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik M.J.Gʻaniyev soʻzga chiqib, bugungi kunda tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, shaxsiy tarkib xavfsiz va samarali xizmat olib borishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, shuningdek, xodimlarni ijtimoiy qoʻllab quvvatlash, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulklarini ishonchli qoʻriqlovini taʼminlash yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar, joriy etilgan zamonaviy texnologiyalar xususida soʻz yuritdi.
Uchrashuv davomida "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi faoliyatiga bagʻishlangan videorolik hamda Qoʻriqlash bosh boshqarmasi ansambl jamoasi tomonidan ijro etilgan Vatan, doʻstlik, yoshlikni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar tadbir ishtirokchilariga koʻtarinki zavq bagʻishladi.