Shifokorlarga tan jarohati yetkazgan shaxslar qoʻlga olinib, jinoiy ish qoʻzgʻatildi
Joriy yilning 27 iyul kuni soat 07:43 da Toshkent shahar, Shayxontohur tumanida joylashgan 1-sonli shahar klinik shifoxonasidan kelib tushgan “tashvish” xabariga koʻra tuman "Qoʻriqlash" boʻlimining Tezkor harakatlanuvchi guruhi voqea joyiga zudlik bilan (4 daqiqada) yetib borgan.
Aniqlanishicha, shifoxonaga kelgan fuqaro I.B olgan tan jarohatiga birinchi yordam olishdan bosh tortib, shifokorlarga faol qarshilik koʻrsatgan hamda baland ovozda qoʻpol soʻzlar ishlatgan. Uni eshitib yoniga kirib borgan hamrohlariga esa shifokorlar unga jismoniy kuch ishlatayotganligini aytgan.
Shundan soʻng fuqaro I.B ni tarafini olgan hamrohlari, shifokorlar M.X va X.U larga jismoniy kuch ishlatib, tan jarohat yetkazganligi maʼlum boʻlgan.
Ushbu holatni koʻrgan hamshira shifoxona oʻrnatilgan “tashvish” tugmasini bosgan va "Qoʻriqlash" boʻlimiga xabar bergan.
“Tashvish” signali asosida shifoxonaga yetib borgan Tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlari tomonidan holat bartaraf etilgan va shifokorlarga tan jarohat yetkazgan (Yangihayot tumanida yashovchi) fuqaro B.S va uning sherigi (Yangihayot tumanida yashovchi) fuqaro J.F lar ushlanib, tuman IIB ga qonuniy chora koʻrish uchun olib borilgan.
Hozirda holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi bilan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.