Yangiliklar

29 Aprel 2024

YOSHLARNI HARBIY VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASH – ENG MUHIM VAZIFA!

Oʻquvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va vatanga boʻlgan muhabbat hisini oshirish maqsadida Milliy gvardiya Faxriylar kengashi hamda xodimlari tomonidan Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 202 sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchilari ishtirokida harbiy-vatanparvarlik tadbiri tashkil etildi.
Tadbir avvalida oʻquvchilar formali kiyim-bosh kiyish qoidalariga toʻliq rioya etgan holda safda turish, yurish hamda qoʻshiq aytish boʻyicha oʻzlarning tayyorgarlik darajasini namoyish etishdi. Boshlangʻich sinflari oʻquvchilari tomonidan esa milliy kuy-qoʻshiqlar, raqslar ijro etildi.
Shundan soʻng "Qoʻriqlash" xizmatida uzoq yillar xizmat qilib, bugun hurmat va eʼtirofga sazovor faxriylar oʻzlarning hayoti va mehnat faoliyati davomida toʻplagan boy tajribasi, yoshlik davridagi oʻziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar va hozirgi paytda koʻrsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida oʻz dil soʻzlarini, samimiy fikrlarini bildirishdi.
Mutaxassislar tomonidan esa "Qoʻriqlash" xizmatida yaratilayotgan sharoitlar, xodimlarning xizmat olib borish tartibi hamda sohada olib borilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirildi. Shuningdek, yoshlarga vatanparvarlik, milliy armiyamizga jismonan baquvvat va maʼnan yetuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmat har bir Oʻzbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekani haqidagi tushunchalar berildi.