Harbiy intizom va qonunchilikka rioya etish masalalari doimo har bir xodim uchun ustuvor ahamiyatga ega
Milliy gvardiya Toshkent shahar hamda Fargʻona viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmalari, shuningdek, Toshkent mintaqaviy oʻquv markazi xodimlari ishtirokida xizmat intizomi va qonunbuzarliklarga murosasiz munosabatni shakllantirish, shuningdek, jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalariga bagʻishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda "Qoʻriqlash" xizmati masʼullari bilan bir qatorda Harbiy prokuratura, Maʼmuriy sud hamda IIB YHXB vakillari ham ishtirok etdi. Ular harbiy intizomni mustahkamlash, shaxsiy tarkibning sogʻligʻini va xavfsizligini asrash borasida oʻz fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Suhbat chogʻida huquqbuzarlikka qarshi kurashda qonunlarga murosasiz munosabatda boʻlish, xodimlarning intizom va javobgarlikni chuqur anglab yetishlari muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. Shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimidagi islohotlar va ularning huquqbuzarliklar profilaktikasiga taʼsiri haqida ham atroflicha maʼlumot berildi.
Bundan tashqari, yoʻllarda harakatlanish davomida yoʻl harakati qoidalariga rioya qilish oʻzimiz va oila aʼzolarimiz hamda yaqinlarimizning salomatligini saqlashi, ularning koʻzlagan manzillariga sogʻ-salomat yetib olishlarini taʼminlashi, shunday ekan barchadan yoʻl harakati qoidalari yuzasidan yetarli bilimga ega boʻlish, unga qatʼiy amal qilish talab etilishi, harakat davomida hamisha hushyor harakatlanish, sergaklikni yoʻqotmaslik, yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan madaniyatli boʻlish borasida tushuntirish ishlari olib borildi.
Shunday tadbirlar xodimlarning huquqiy bilimini oshirish va xizmat intizomini mustahkamlashga katta hissa qoʻshishi bilan ahamiyatlidir.