Yangiliklar

24 May 2024

“YOSH GVARDIYACHI” SINFLARINING FAOLIYATI YOʻLGA QOʻYILAYOTGANLIGI YOSHLARNI KELAJAKDA YURT KORIGA YARAYDIGAN KOMIL INSONLAR BOʻLIB ULGʻAYISHIDA MUHIM TURKI BOʻLMOQDA

Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat "Qoʻriqlash" boshqarmasi oʻsib kelayotgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Jumladan, umumtaʼlim maktablarda “Yosh gvardiyachi” sinflarining faoliyati yoʻlga qoʻyilayotganligi yoshlarni kelajakda yurt koriga yaraydigan komil insonlar boʻlib ulgʻayishida muhim turki boʻlmoqda.
Nurobod tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga qarashli 61 umumtaʼlim maktabida ham “Yosh gvardiyachi” harbiy-vatanparvarlik sinfi ochildi. Ochilish marosimida soʻz olganlar, bugun oʻsib kelayotgan yosh avlod uchun barcha imkoniyat eshiklari ochiq ekanligi, yoshlar bu kabi imkoniyatlardan oqilona foydalanib, oʻqib-izlanib, kelajakda munosib yurt vorislari boʻlib ulgʻayishi, “Yosh gvardiyachi” sinfida oʻqiyotgan oʻquvchilar odob-ahloq, bilim olish, yurtga sadoqat, vatanga muhabbat kabi xislatlari bilan tengqurlariga namuna boʻlishi lozim ekanligi xususida toʻxtalib oʻtdi.
Kattaqoʻrgʻon garnizoni harbiy orkestrining musiqa sadolari ostida boshlangan tadbir, tumandagi 2 umumtaʼlim maktabining raqqosa qizlari hamda 4 umumtaʼlim maktabi oʻquvchilarining harbiy-jangovar chiqishlariga ulanib ketdi. Oʻquvchilar tomonidan namoyish etilgan chiqishlar yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.
“Yosh gvardiyachi” harbiy-vatanparvarlik sinfi va oʻquvchilarni oʻqitish tizimi qanday olib borilishi bilan yaqindan tanishib, maʼlumotga ega boʻlgan ota-onalar farzandlari kelajakda mamlakat taqdiriga daxldor ekanligi va yoshlarga bugundan ishonch bildirilayotganligidan faxrlandi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Shu kunning oʻzida viloyat "Qoʻriqlash" boshqarmasi mutaxassislari tominidan oʻquvchilar uchun sportning kamondan otish turi boʻyicha mahorat darslari ham boshlab yuborildi.