VATANPARVARLIK TADBIRLARI DAVOM ETMOQDA
Oʻsib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama maʼnan va jismonan chuqur aqliy bilimga ega boʻlishlari uchun yurtimizda barcha qulay imkoniyatlar yaratib berilgan. Yoshlarimizning ushbu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda harbiy-vatanparvarlik ruhida kamol topib, kasb tanlashda adashmasdan, dunyoviy bilimlarni toʻliq oʻzlashtirishlarida esa, yurtimiz himoyachilarining ham oʻrni beqiyos.
Taʼkidlash joizki, keyingi yillarda mamlakatimizda sogʻlom hamda barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish, yigit-qizlarimizni zamon talabiga javob beradigan yetuk malakali mutaxassislar qilib tayyorlash borasida keng koʻlamli xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maʼnoda, Milliy gvardiya Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi, "Qoʻriqlash" boshqarmasi hamda hamkor kuch tuzilmalar tomonidan oʻquvchi-yoshlar uchun vatanparvarlik tadbirlari tashkil etildi.
Unda Buxoro shahridagi 300 ga yaqin oʻquvchi-yoshlar Milliy gvardiya xodimlari bilan uchrashib, hayot tarzi bilan yaqindan tanishishdi. Ayniqsa, tadbirga tashrif buyurgan yoshlar, yurt posbonlarining engidagi harbiy libosi, qoʻl jangidan koʻrgazmali chiqishlari hamda vatanga boʻlgan sadoqatini koʻrib, harbiy boʻlishni dillariga tugib qoʻyishdi. Tadbir davomida, kelgusida oʻz oldiga Milliy gvardiyachi boʻlishdek yuksak maqsadni qoʻygan yigit-qizlar tajribali mutaxassislar bilan dildan muloqot qilish imkoniga ega boʻldilar. Samimiy kechgan oʻzaro muloqotlar chogʻida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
Eʼtirof etish joizki, Milliy gvardiya Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi, "Qoʻriqlash" boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, FVV viloyat boshqarmasi, Buxoro harbiy gornizoni hamda "Vatanparvar" tashkiloti tomonidan tashkil etilgan tadbir davomida harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan koʻrgazmali chiqishlar, harbiy hamda "Vatanparvar" tashkilotining sport qurol-aslahalarni tomosha qilish bilan bir qatorda, kamondan otish hamda ot sporti boʻyicha mahorat darslarida ham ishtirok etdilar.
Tadbir davomida, isteʼdodli yoshlar hamda tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.