Yangiliklar

15 Aprel 2023

VATANGA SODIQLIK UCHUN QASAMYOD TADBIRLARI BO‘LIB O‘TDI

Har bir kishining hayotida unutilmas, taassurotlarga boy lahzalar va voqealar bo‘ladi. Ayniqsa, alp qomatli yigitning ko‘pchilik oldida Vataniga, Prezidentiga, xalqiga qilgan qasamyodi qalbiga muhrlanib qoladi. Chunki qasamyod oddiy so‘zlardan iborat bo‘lmaydi yoki u shunchaki ovoz chiqarib o‘qilmaydi. Negaki, qasamyod yurakning tub-tubidan nido kabi otilib chiqadi, u aytilayotganda butun vujudni his-hayajon chulg‘ab oladi.

Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasida bugun Milliy gvardiya saflarida muddatli harbiy xizmatni o‘tashga kirishgan askarlarning qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Askarlikni, harbiy kiyim kiyib yurtga fidoyilik bilan xizmat qilishni ahd qilganlarning qalblari iftixorga limmo-lim, bilaklari kuchga to‘lgan. Qisqasi, ular Vatanni har qanday xavf-xatardan himoya qilishga shay harbiylardir.

Tadbirda ota-onalar, nuroniylar, keng jamoatlik vakillari ishtirok etdi. Qalbida Vatanga muhabbat jo‘sh urib turgan askarlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i oldida ona yurtga, Prezidentga sadoqat bilan xizmat qilishga ont ichishdi.

Bugungi qasamyod ertangi kunga, kelajakka qo‘yilgan qat’iy qadamdir. Ular o‘zlari uchun aniq maqsadni belgilab olishdi. Bu Vatanini, xalqini turli xavf-xatarlardan himoya qilish, kerak bo‘lsa, bu yo‘lda jonidan ham voz kechishdir.
Ishonamizki, ular qilgan qasamyodiga sodiq qolishadi. Vatan himoyachisi degan mas’uliyatli vazifani sharaf bilan oqlashadi.