Yangiliklar

23 Iyun 2025

Fargʻona viloyati Qoʻriqlash boshqarmasida stressga qarshi sogʻlom psixologik immunitetni shakllantirishga qaratilgan davra suhbati va trening mashgʻulotlari oʻtkazildi

Fargʻona viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi shaxsiy tarkibi ishtirokida xizmat davomida yuzaga keladigan ruhiy bosimlar, stress va turli murakkab holatlarga nisbatan psixologik chidamlilikni oshirish maqsadida amaliy tadbirlar tashkil etildi.

Tadbirning ilk qismida "Stressga qarshi sogʻlom psixologik immunitet — samarali xizmat garovi" mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda tajribali psixologlar va sohaning boshqa mutaxassislari ishtirok etib, xodimlarga ruhiy bosimlarga qarshi turish, ichki barqarorlikni saqlash va ishbilarmonlik muhitini yaratish haqida tushunchalar berishdi.

Shuningdek, tadbirning ikkinchi qismi amaliy mashgʻulotlarga bagʻishlandi. Psixologik mashqlar, avtotreninglar, vizual va interaktiv usullar orqali ishtirokchilarning emotsional holati bilan ish olib borildi. Turli amaliy mashqlar va psixologik testlar esa ishtirokchilarga oʻz holatini baholash imkoniyatini yaratdi.

Tadbir soʻngida xodimlar oʻz fikr va taassurotlari bilan oʻrtoqlashib, bunday treninglar xizmat samaradorligini oshirish va sogʻlom ish muhitini yaratishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladilar.