XIZMAT INTIZOMINI MUSTAHKAMLASH MAQSADIDA UCHRASHUV OʻTKAZILDI
Milliy gvardiya tizimida xizmat qilayotgan xodimlarning mehnat qobiliyati, ish samaradorligi, turmush sharoitlari, yutuqlari va muammolari soha rahbarlari tomonidan muntazam oʻrganilib, tahlil qilinib boriladi.
Jumladan, kuni kecha Samarqand viloyatida Milliy gvardiya "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi rahbariyati xodimlar hamda ularning oila aʼzolari bilan huquqbuzarlik profilaktikasi va jinoyatchilikni, shuningdek turli xil qimor oʻyinlari taʼsiriga tushib qolishni oldini olishga qaratilgan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Tadbirda "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari podpolkovnik B.S.Jumayev hamda xotin qizlar qoʻmitasi raisi podpolkovnik B.S.Ashurmatova tomonidan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, korrupsion holatlarning oldini olish hamda virtual olamda avj olayotgan tavakkalchilikka asoslangan turli oʻyinlarning ayanchli yakuni haqidagi dolzarb mavzular borasida soʻz bordi. Shaxsiy tarkib orasidagi muammolarni oʻrganish, ularni erta aniqlash hamda bartaraf etish maqsadida masʼullarga zaruriy koʻrsatmalar ham berildi.
Bundan tashqari uchrashuvda xodimlar kiberxavfsizlik makonida sodir boʻlayotgan yangiliklar bilan tanishtirilib, konfidensial maʼlumotlar bilan ishlash tartibi, shaxsga oid axborot subyektlarining oʻz shaxsiy maʼlumotlarini taqdim etishni rad etishning yuridik oqibatlari haqida qimmatli maʼlumotlarga ega boʻlishdi.