Yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularning tarixiy bilimlarini mustahkamlash maqsadida muzeylarga hamda tarixiy obidalarga sayohatlar tashkil etilmoqda
Muzeylar har bir xalqning madaniy merosi, milliy madaniyati, turmushi, urf–odatlarini oʻrgatish bilan yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni yetkazishda katta rol oʻynaydi. Muzeylar chin maʼnoda ilmiy xazina boʻlib, uning qadri yildan yilga oshib boraveradi. Milliy gvardiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlari tomonidan Nukus shahridagi 32 sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari uchun sayohat uyushtirilib, yoshlarga "Qoʻriqlash" boshqarmasida tashkil etilgan muzeydagi kartina va eksponatlar haqida maʼlumotlar berib oʻtildi.
Bundan tashqari, Milliy gvardiya Buxoro viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi masʼullari tomonidan bolajonlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida "Ark" qoʻrgʻoniga sayohat tashkil etildi.
Oʻtmish haqida soʻzlovchi Buxoro amirligi "Ark" qoʻrgʻonida, bolajonlar voha oʻtmishiga oid koʻhna eksponatlar bilan yaqindan tanishishdi, oʻz navbatida maroqli madaniy hordiq ham chiqardilar. Oʻzlarini qiziqtirgan savollarga esa muzey xodimlaridan batafsil javob oldilar.
Eʼtirof etish joizki, yoshlar maʼnaviyatini yanada yuksaltirishga, bilimini boyitishga xizmat qiluvchi bu kabi tadbirlar respublikamizning barcha hududlarida anʼanaviy tarzda davom ettirilmoqda.