Toshkent mintaqaviy oʻquv markazida IIV akademik litseyi oʻquvchilari uchun ochiq eshiklar kuni oʻtkazildi
Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ayniqsa harbiy-vatanparvarlik ruhini ularning qalbida yuksaltirish, maʼnaviy barkamol, aqlan yetuk, jismonan sogʻlom boʻlib voyaga yetishlarini taʼminlash borasidagi ishlar doirasida Toshkent mintaqaviy oʻquv markazida Ichki ishlar vazirligi 1-sonli Toshkent akademik litseyi oʻquvchilari uchun ochiq eshiklar kuni oʻtkazildi.
Tadbir davomida oʻquvchilarga, markazda tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlar, yoshlar uchun yoʻlga qoʻyilgan sport toʻgaraklari, qurol-aslaha hamda maxsus texnikalar, xizmat otlari, moto- va avtopatrulning xizmat faoliyati, Qoʻriqlash xizmati tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlarining vazifalari, sport murabbiylari tomonidan qoʻl jangi usullari boʻyicha master klass mahorat darslari namoyish etildi.
Shuningdek, yoshlarga vatanparvarlik, milliy armiyamizga jismonan baquvvat va maʼnan yetuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmat har bir Oʻzbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekani haqidagi tushunchalar berildi.