Surxondaryoda "Yosh gvardiyachilar" ixtisoslashtirilgan sinflari soni ortmoqda
Oʻquvchi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida Surxondaryo viloyatidagi umumtaʼlim maktablarida “Yosh gvardiyachilar” ixtisoslashtirilgan sinflar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Kuni kecha Jarqoʻrgʻon tumanidagi 2 ta maktabda Milliy gvardiya sinflari ochilgan boʻlsa, bugun Termiz tumanidagi 3 sonli hamda 1 sonli umumtaʼlim maktablarida "Yosh gvardiyachilar" ixtisoslashtirilgan sinflari tashkil etildi. Ushbu sinflarning tantanali ochilish marosimida Milliy gvardiya va "Qoʻriqlash" boshqarmasi rahbariyati, Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi masʼullari, mahalla faollari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Tadbir doirasida oʻquvchilarda harbiylarga havas, Vatanga sadoqat, milliy anʼana va qadriyatlarga hurmat va faxr tuygʻularini oshirish maqsadida, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan turli koʻrgazmali chiqishlar, oʻquvchilarning sahna koʻrinishlari namoyish etilib, sheʼr va raqslar ijro etildi. Marosimda ishtirok etgan mehmonlar, taʼlim muassasasida oʻquvchilar uchun yaratilgan kasb-hunar, fan va sport toʻgaraklari faoliyati, "Yosh gvardiyachilar" sinfi bilan yaqindan tanishib, oʻgʻil-qizlar bilan suhbat qilindi.
Aytish kerakki, Maktabgacha va maktab taʼlimi hamda Milliy gvardiya viloyat boʻyicha boshqarmalari hamkorligida bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan bu kabi sinflar yoshlarning harbiy hayotga oid bilim va koʻnikmalarini mustahkamlab borishlariga, vatanparvar boʻlib voyaga yetishlariga xizmat qiladi.