Yangiliklar

11 Iyun 2025

Qoʻriqlash tizimida Kinologiya xizmati rivojlanmoqda

Yurtimizda xavfsizlikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, obyektlarning ishonchli qoʻriqlovini amalga oshirishda xizmat itlaridan keng foydalanilmoqda. Ular jinoyatlarni fosh etish, giyohvand moddalarni aniqlash, bedarak yoʻqolganlarni qidirish kabi murakkab topshiriqlarni bajarishda ishtirok etmoqda. Har bir xizmat itini tarbiyalash, ularni mashgʻulotlarda toblab borishda, u bilan bir jamoa boʻlib ishlayotgan kinolog mutaxassislarning oʻrni beqiyos.

Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash Departamenti hamda uning hududiy boʻlinmalarida Kinologiya xizmati tobora rivojlanmoqda. Xizmatda sharqiy yevropa va nemis ovcharkasi, belgiya malinuasi kabi zotdagi xizmat itlari mavjud boʻlib, ular har xil yoʻnalishlarda — xususan, qidiruv, himoya qoʻriqlash va xavfli moddalarni aniqlashda samarali natijalar bermoqda.

Xususan, Surxondaryo viloyati Qoʻriqlash boshqarmasida 10 ga yaqin toʻrt oyoqli sodiq yordamchilar mavjud boʻlib, ularni parvarishlash, sogʻligini taʼminlash, doimiy ravishda mashgʻulotlar olib borish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Xizmat itlari saqlanadigan joylarni yuqumli kasalliklarga qarshi barqarorligini taʼminlash maqsadida hududiy veterinariya tashkilotlari bilan hamkorlikda belgilangan vaqtlarda veterinariya-profilaktik tadbirlar olib borilmoqda.

Kinolog mutaxassislarning malakasini oshirib borish uchun muntazam oʻquv yigʻinlari tashkil etilib, xodimlar doimiy ravishda qayta tayyorgarlikdan oʻtkazilmoqda. Bu esa tizimning yanada samarali ishlashini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tizimni yanada takomillashtirish va zamon talablariga mos ravishda rivojlantirishga qaratilgan.