Yangiliklar

7 Fevral 2024

MAKTABLARDA OʻRGANISH ISHLARINI OLIB BORILMOQDA

Prezidentimizning joriy yil 5 fevral kunidagi Milliy gvardiyaga yuklatgan qoʻshimcha vazifalari ijrosini taʼminlash maqsadida respublikamiz boʻylab barcha taʼlim muassasalarida Milliy gvardiya xodimlari hamda masʼul idoralardan iborat ishchi guruhlar oʻrganish ishlarini boshlashdi.
Bunda, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida psixologik muhitni yanada yaxshilash, oʻquvchilar oʻrtasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, qonun buzilishlarga qarshi immunitetni shakllantirish maqsadida masʼullar tomonidan tushuntirish-targʻibot tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Xodimlar tomonidan dars jarayonlariga xalaqit bermagan tarzda, darslarga sababsiz qatnashmayotgan oʻquvchilarni aniqlab, maktab direktorlari bilan birgalikda, ularning ota-onalari bilan ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, oʻquvchilarning qiziqishlarini inobatga olgan holda sport toʻgaraklari faoliyati, harbiy vatanparvarlik tadbirlari, turli xil interaktiv oʻyinlar va kibersport boʻyicha musobaqalar tashkil etilmoqda.
Taʼkidlash joizki, xodimlar tomonidan nafaqat oʻquvchilarning oʻquv jarayonlari, shuningdek, harbiy-vatanparvarlik sinflari faoliyati sarhisob qilinmoqda. Maktablarda yaratilgan sharoitlar, oʻquv xonalarining jihozlanishi, isitish tizimi, sport zallar faoliyati ham oʻrganilib, kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha rejalar belgilab olindi.