Shovot tumanida vatanparvarlik festivali oʻtkazildi
Yosh avlod va harbiy xizmatchilarni birlashtirgan navbatdagi festival Xorazm viloyatining Shovot tumanida tashkil etildi. Mazkur festivalga Milliy gvardiyaga biriktirilgan otaliqqa olingan oʻgʻil-qizlar, "Yosh gvardiyachilar" sinflarining oʻquvchilari hamda talabalar jalb etildi.
Harbiy orkestr sadolari ostida yoshlarning Shovot tumani markaziy koʻchalari boʻylab yurib oʻtishidan boshlangan tadbir Komiljon Otaniyozov nomidagi istirohat bogʻida davom etdi.
Qurol-aslaha va texnikalar koʻrgazmasi, qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar, shuningdek, sportning stol tennisi turi boʻyicha musobaqalar, kamondan otish boʻyicha oʻtkazilgan mahorat darslari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Kunning ikkinchi qismida tashkil etilgan Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan namoyish etilgan konsert dasturida Vatan, sadoqat, matonat va jasorat tarannum etilib, yigʻilganlarga bayramona kayfiyat bagʻishladi.
Shuni taʼkidlash joizki, tadbir ham maʼnaviy, ham maʼrifiy onlarga boyligi bilan ahamiyatli boʻldi.