Yangiliklar

22 Dekabr 2024

Mintaqaviy oʻquv markazlarida navbatdagi bitiruvchilarga tantanali ravishda sertifikatlar topshirish hamda qasamyod qabul qilish tadbirlari boʻlib oʻtdi

Kuni kecha Milliy gvardiya Toshkent, Fargʻona va Jizzax mintaqaviy oʻquv markazlarida oʻquv yigʻinlarini muvaffaqiyatli tamomlagan "Qoʻriqlash" boʻlinmalarining safdor xodimlariga sertifikatlar topshirildi. Belgilangan oʻquv kurslari davomida tinglovchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning jismoniy-jangovar qobiliyatini kuchaytirish, favqulodda holatlarda guruh boʻlib harakatlanish hamda jamoaviy ishlash prinsiplari, tezkor vaziyatlarda aniq, xatosiz qarorlar qabul qilish qobiliyatlarini yanada kuchaytirish maqsadida psixologik treninglar tashkil etilib, ularning psixoemotsional holatlari mustahkamlandi.
Shuningdek, oʻquv jarayonlarida faollik koʻrsatib safdoshlariga oʻrnak boʻlgan bir guruh vatan himoyachilariga oʻquv markazlarining faxriy yorliqlari topshirildi. Soʻzga chiqqanlar tinglovchilarni sertifikatlar qabul qilganliklari va oʻquv yigʻinini muvaffaqiyatli yakunlaganliklari bilan tabriklab, ularga sihat-salomatlik, tinchlik-omonlik, kelgusi xizmat faoliyati davomida xalqimiz osoyishtaligi yoʻlida olib borayotgan sharafli ishlarida ulkan zafarlar tiladi.