“Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganligining 34 yilligi munosabati bilan Xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarini qoʻriqlash boʻyicha alohida batalonida “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur tadbirda batalon rahbariyati va xodimlari, shuningdek Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Innovatsion menejment kafedrasi professor-oʻqituvchilari D.Fayziyeva va U.Kenjayevalar ishtirok etishdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi – shaxsiy tarkib oʻrtasida vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, milliy qadriyatlarimiz va davlat ramzlariga hurmat tuygʻusini mustahkamlash, shuningdek, ularning maʼnaviy savodxonligini oshirishdan iborat boʻldi.
Suhbatlar davomida maʼruzachilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi mustaqillik va suverenitet ramzi sifatidagi oʻrni, uning tarixi va har bir fuqaro uchun qay darajada muqaddas timsol ekanligi haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Oʻtkazilgan tadbir ishtirokchilarga milliy ramzlarning qadr-qimmati, ularning jamiyat hayotidagi ahamiyatini yanada chuqurroq anglashga yordam berdi. Yigʻilganlarda oʻz yurti, uning tarixiy merosi bilan faxrlanish tuygʻusi kuchaydi.