Namanganda dzyudo va boks boʻyicha ochiq turnir oʻtkazildi
Sport – nafaqat insonlarni sogʻlom qilib tarbiyalashga xizmat qiladi, balki, yoshlarni har jihatda komil insonlar etib voyaga yetkazishda ham muhim manbadir. Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, oʻgʻil-qizlarning sport toʻgaraklariga qiziqishlari va orzu istaklarini roʻyobga chiqarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kuni kecha Namangan viloyatining "Yosh gvardiyachilar" sport maktabi sobiq bokschisi, viloyat chempioni marhum Yoʻldoshev Temurmalik Yigitaliyevich xotirasiga bagʻishlab, sportning dzyudo va boks turlaridan ochiq turnir boʻlib oʻtdi.
Boks boʻyicha ushbu musobaqada Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlaridan kelgan bir necha tumanning iqtidorli bokschilari oʻz mahoratlarini namoyon etdilar. Shuningdek, dzyudo boʻyicha bellashuvlarda ham koʻplab sportchilar ishtirok etib, gʻoliblik uchun kurash olib bordilar.
Turnir gʻoliblari va sovrindorlari marhum Yoʻldoshev Temurmalik Yigitaliyevichning oilasi hamda Namangan viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi tomonidan diplom, medal hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.