Yangiliklar

26 Avgust 2025

Qashqadaryo viloyatida tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlariga navbatdagi avtotransport vositalari topshirildi

Ichki ishlar organlari tizimida xizmat samaradorligini oshirish, xodimlarning harakatchanligi va jamoat tartibini taʼminlashda zamonaviy sharoitlar yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda Qashqadaryo viloyati qoʻriqlash boshqarmasi tezkor harakatlanuvchi guruhlari ixtiyoriga 8 ta maxsus jihozlangan “Kobalt” rusumli avtotransport vositalari topshirildi.

Marosimda taʼkidlanishicha, mazkur avtomashinalar xodimlarning xizmat vazifalarini sifatli va oʻz vaqtida bajarishida muhim ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy texnik vositalar bilan taʼminlanganligi sababli, ular huquqbuzarliklarning oldini olish, favqulodda holatlarga tezkorlik bilan javob qaytarish va aholining xavfsizligini taʼminlashda katta yordamchi boʻladi.

Shuningdek, tadbirda soʻzga chiqqanlar davlatimiz rahbari tomonidan ichki ishlar organlari tizimini isloh qilish, xodimlarni zarur moddiy-texnika vositalari bilan taʼminlash hamda ularning xizmat sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilayotganini alohida taʼkidladilar.

Taʼkidlash joizki, avtotransport vositalari bilan taʼminlash tizimda xizmat intizomini mustahkamlash, tezkorlik va harakatchanlikni oshirishga xizmat qiladi. Shu orqali aholining tinch va osoyishta hayotini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularga munosib javob qaytarish samaradorligi yanada kuchayishi kutilmoqda.