Yangiliklar

22 Sentyabr 2025

Maktablarda xavfsiz taʼlim muhitini yaratish maqsadida profilaktik targʻibot tadbirlari oʻtkazildi

Har bir bolaning xavfsiz va osuda muhitda taʼlim olishi — jamiyatimiz oldida turgan ustuvor vazifalardan biridir. Ayniqsa, soʻnggi vaqtlarda taʼlim muassasalarida yuz berishi mumkin boʻlgan turli xavf-xatarlarning oldini olish, maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida xavfsizlik tizimini yanada takomillashtirish maqsadida mutasaddi tashkilotlar hamkorligida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash Departamenti, Andijon viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda maktab va maktabgacha taʼlim boshqarmalari hamkorligida profilaktik targʻibot tadbirlari tashkil etildi. Tadbirda davlat va xususiy taʼlim muassasalari rahbarlari, javobgar xodimlar hamda xavfsizlik sohasidagi mutaxassislar ishtirok etdilar.

Tadbirda ishtirokchilarga maktablarda xavfsizlikni taʼminlash, jumladan, jismoniy va texnik qoʻriqlash xizmatlaridan foydalanish tartib-qoidalari, zamonaviy nazorat vositalaridan samarali foydalanish usullari haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Qoʻriqlash departamenti mutaxassislari tomonidan maktablarda turli xil huquqbuzarlik va noxush holatlarning oldini olishda Qoʻriqlash xizmatining oʻrni va ahamiyati xususida atroflicha tushuntirishlar oʻtkazildi.

Shuningdek, tadbirda taʼlim muassasalarida avval sodir boʻlgan baʼzi noxush holatlar tahlil qilindi va ularning sabablari muhokama etildi. Bu orqali rahbarlarga xavfsizlik tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha aniq tavsiya va yoʻl-yoʻriqlar berildi. Har bir maktabda xavfsizlikni taʼminlash — nafaqat maxsus xizmatlarning, balki taʼlim muassasasi rahbariyati va oʻqituvchilarning ham javobgarligi ekani alohida taʼkidlandi.

Tadbir yakunida maktablarda xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, oʻquvchilar va pedagoglar oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek, texnik jihozlarni zamonaviylashtirish va nazoratni kuchaytirish boʻyicha qator vazifalar belgilab olindi.