Xorazm viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining oila aʼzolari uchun chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etildi
Yurtimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni erta aniqlash va oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat tashkilotlarida xizmat qilayotgan xodimlar va ularning yaqinlariga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda, Xorazm viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning oila aʼzolari uchun maxsus ravishda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etildi. Ushbu tadbir doirasida turli sohalardagi malakali shifokorlar ishtirokida keng qamrovli tibbiy tekshiruvlar oʻtkazildi.
Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlarining oila aʼzolari ham ushbu tashabbusda faol ishtirok etishdi. Ular umumiy salomatlik holati, yurak-qon tomir tizimi, koʻz, teri, endokrin va boshqa muhim yoʻnalishlar boʻyicha toʻliq tekshiruvlardan oʻtkazildi. Zarur hollarda qoʻshimcha laborator tahlillar va shifokor maslahatlari ham berildi.
Tibbiy koʻrik davomida aniqlangan ayrim muammolar boʻyicha shifokorlar tomonidan zarur tavsiyalar berildi, baʼzi bemorlar davolanish uchun ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga yoʻnaltirildi.
Ushbu tadbir xodimlar va ularning oila aʼzolari salomatligini saqlash, kasalliklarni barvaqt aniqlash hamda profilaktika qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, xodimlarning mehnat faoliyati samaradorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi shubhasiz.