Yangiliklar

14 May 2025

Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasida “Korrupsiya – bizga yot illat” mavzusida uchrashuv boʻlib oʻtdi

Jamiyat taraqqiyotiga toʻsiq boʻladigan illatlardan biri — korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish va unga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida kuni kecha Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasida “Korrupsiya – bizga yot illat” mavzusida uchrashuv oʻtkazildi.

Tadbirda Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasi hamda hududiy tuman qoʻriqlash boʻlimlarining shaxsiy tarkibi ishtirok etdi. Unda ishtirokchilarga korrupsiya tushunchasi, uning kelib chiqish sabablari, jamiyat va davlat uchun keltirishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlar xususida batafsil maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari korrupsion holatlarning oldini olish, qonuniylik va halollik tamoyillariga rioya etish zarurligi haqidagi tavsiyalar bilan tanishdilar. Tadbir davomida shaxsiy tarkibni qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.

Bunday tadbirlar xizmatchilarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.