Yangiliklar

12 Dekabr 2024

Mintaqaviy oʻquv markazlarida navbatdagi bitiruvchilarga tantanali ravishda sertifikatlar topshirish marosimlari boʻlib oʻtdi

Jamoat xavfsizligi va obyektlar ishonchli qoʻriqlovini taʼminlashning mutlaqo yangi mexanizm va tartiblari joriy etilib, bu borada "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi xodimlarini kasbiy tayyorlash va qayta tayyorlash ishlariga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ayni shu maqsadda Milliy gvardiyaning mintaqaviy oʻquv markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bugungi kunda markazlarda Milliy gvardiya saflariga yangidan qabul qilingan xodimlar oʻqitilmoqda.
Jumladan, kuni kecha Milliy gvardiya Toshkent, Jizzax hamda Fargʻona mintaqaviy oʻquv markazlari tinglovchilarining navbatdagi tantanali bitiruv va qasamyod qabul qilish marosimlari oʻtkazildi. Tadbirlar doirasida "Qoʻriqlash" boʻlinmalarining boshlangʻich tayyorgarlik dasturi boʻyicha tahsil olgan va oʻquv yigʻinini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Tadbirlarda soʻz olganlar mamlakatimizda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkining ishonchli qoʻrigʻini taʼminlashda kamarbasta boʻladigan ushbu xodimlarga omad tilab, kelgusi xizmatlarida yanada ishonchli qoʻriqlovni amalga oshirishlari lozimligini eʼtirof etdi.
Oʻquv kurslari davomida safdoshlariga oʻrnak boʻlib, barcha fanlarni puxta oʻzlashtirgan bir guruh tinglovchilarga mintaqaviy oʻquv markazlari rahbariyati tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.