Yangiliklar

20 Yanvar 2024

Kamondan otish boʻyicha milliy terma jamoamiz aʼzolari 2024 yilda boʻlib oʻtadigan mamlakat va xalqaro musobaqalar oldidan Samarqandda qizgʻin tayyorgarlik koʻrishmoqda

Joriy yilda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan xalqaro va Oʻzbekiston chempionati musobaqalarida terma jamoamiz aʼzolarini munosib ishtirok etishlarini taʼminlash hamda sovrinli oʻrinlarni egallashlari maqsadida, hozirgi kunda merganlarimiz Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan oʻquv-mashgʻulot yigʻinida qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda. Taʼkidlash joizki, merganlarning musobaqaga tayyorgarlik koʻrishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan boʻlib, mazkur yigʻinda malakali murabbiylar tomonidan umumjismoniy, maxsus va texnik-taktik tayyorgarlik boʻyicha uzluksiz mashgʻulotlar olib borilmoqda.
Musobaqalar jarayonida merganlar o‘zlariga bo‘lgan ishonch va ruhiy barqarorligini ta’minlash maqsadida Milliy gvardiya qoshidagi Bolalar psixologiyasi markazi psixolog-mutaxassislari tomonidan turli mashg‘ulot va treninglar tashkil etilmoqda. Bu esa sportchilarning jismoniy tayyorgarligi darajasi teng bo‘lgan holatlarda g‘olibni aniqlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Milliy terma jamoamizga xalqaro arenada oʻz mahorat va epchilligini namoyish etib, yurtimizga ulkan gʻalaba bilan qaytishini tilab qolamiz!

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 19-25-fevral kunlari Bagʻdod shahrida (Iroq) kamondan otish sport turi boʻyicha Osiyo kubogi musobaqasi boʻlib oʻtadi.