TEATR - MAʼNAVIYAT OʻCHOGʻI
Toshkent shahar "Qoʻriqlash" boshqarmasi tomonidan xodimlar maʼnaviyatini yanada yuksaltirish, ularda vatanparvarlik va shukronalik tuygʻularini mustahkamlash hamda boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida poytaxtimizda joylashgan Abror Hidoyatov nomidagi oʻzbek davlat drama teatriga tashrif tashkil etildi.
Tomoshabinlarga Shaxodat Isaxonova asari asosida sahnalashtirilgan “Tanovor” spektakli namoyish etildi. Art etno-folklor yoʻnalishida sahnalashtirilgan mazkur spektaklda bugungi kunda dunyo madaniyatiga intilish jarayoni faollashgan bir davrda milliy urf-odatlarni koʻz qorachiqdek saqlayotgan, oqibat, diyonat, insof, adolat kabi insoniylik fazilatlari bilan barchaga oʻrnak boʻlayotgan mard, tanti va sodda, oqkoʻngil zamondoshlarimizning boy maʼnaviy olami koʻrsatib beriladi.
Spektaklda allalar, yallalar, laparu termalar, yor-yoru, oʻlanlar kuylanadi. Mahoratli aktyorlar ijrosi esa tomoshabinni beixtiyor oʻziga tortadi. Bejizga maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Bexbudiy "Teatr-bu ibratxonadir" deya taʼrif bermagan. Haqiqatdan ham teatr ibrat va maʼnaviyat maskani. Bu kabi maskanlariga muntazam ravishda tashrif buyurish xodimlarning oʻz xizmat vazifasiga boʻlgan sadoqati va mehrini oshirib, vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.