Yangiliklar

6 May 2023

SADOQATDA TЕNGSIZ DO‘STLAR KO‘NIKMALARI OSHIRILMOQDA

Bilamizki, yurtimiz sarhadlarini himoya qilish va qo‘riqlashda mamlakatimiz hududiga noqonuniy qurol-yaroq hamda taqiqlangan turli giyohvand vositalarining kirib kelishini oldini olishda huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan bir qatorda xizmat itlari ham munosib xizmat olib borishadi. Ayniqsa, hududga yashirin tarzda noqonuniy olib kirilayotgan yoki olib chiqib ketilayotgan vositalarni aniqlashda itlarning xizmati muhim rol o‘ynaydi.

Bu borada Milliy Gvardiya Samarqand viloyati "Qo‘riqlash" boshqarmasida ham faoliyat uchun zarur bo‘lgan, insonlarning so‘zlariga itoat qiladigan itlarning zotlarini ko‘paytirish va uni xizmatga tayyorlash borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelmoqda.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga qarashli ushbu Kinologiya xizmati markazida Milliy Gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda "Qo‘riqlash" boshqarmasi harbiy xizmatchi va xodimlari o‘zlariga tegishli xizmat itlari bilan muntazam ravishda mashg‘ulotlar o‘tkazib boradi. Kinologlar itni o‘ziga yaqin olib, yaxshi ko‘rishi lozim. Shundagida itlar ko‘rsatilgan iliq munosabatni his qiladi va unga berilgan vazifalarni aniq va sifatli bajaradi. Shu orqali xizmat itlari ham kinologni yaxshi ko‘rishini namoyon qiladi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra xizmat itlarida hid bilish qobiliyati o‘ta rivojlangan bo‘lib, burun orqali yetti mingdan ortiq hidni seza oladi.Shu bois ular xizmat chog‘ida ko‘zi bilan emas, burun orqali qidirishni boshlaydi.

Xizmat itlari sakkiz, o‘n yil davomida xizmat qiladi. So‘ngra mutaxassislar tomonidan itlarining faoliyati va ko‘rsatkichlari inobatga olinib, yaroqsiz deb topilganlari xizmatdan ozod etiladi va kinologning xohishiga ko‘ra itni o‘zi bilan olib ketadi va it erkin yashashda davom etadi.