Yangiliklar

4 Iyun 2025

Qoʻriqlash xizmati — tinch va osuda hayot kafolati

Bugungi kunda yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, mulkdorlarning shaxsiy hamda moddiy boyliklarini muhofaza qilish masalasi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, qoʻriqlash xizmatlaridan foydalanish nafaqat ehtiyoj, balki hayotiy zaruratga aylanib bormoqda.

Shu munosabat bilan, Qoʻriqlash xodimlari tomonidan aholi va tadbirkorlar oʻrtasida qoʻriqlash xizmatlarining afzalliklarini tushuntirish maqsadida muntazam ravishda keng qamrovli targʻibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.

Navbatdagi bunday tadbirlar Andijon hamda Samarqand viloyatlarida tashkil etildi. Tadbirlar doirasida Qoʻriqlash xizmati mutasaddilari fuqaro va tadbirkorlar bilan uchrashib, ularga mulkiy jinoyatlarning oldini olish, xavfsizlikni taʼminlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish hamda mulkni samarali muhofaza qilish boʻyicha amaliy tavsiyalar berdilar.

Shuningdek, savdo obyektlarini qoʻriqlashga olish tartibi, “Tashvish tugmachalari”ning foydasi, tezkor harakatlanuvchi guruhlar faoliyati, zamonaviy signalizatsiya vositalarining ishlash tartibi boʻyicha malakali mutaxassislar tomonidan atroflicha tushuntirishlar berildi.

Tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida joyning oʻzida arizalar qabul qilinib, shartnomalar tuzildi.

Qoʻriqlash xizmati — bu nafaqat mulk muhofazasi, balki har bir fuqaro uchun tinch va osuda hayot kafolatidir. Shu sababli, oʻz mulki va xavfsizligini taʼminlashni istagan har bir fuqaro hamda tadbirkor qoʻriqlash xizmati bilan hamkorlik qilishga intilishi maqsadga muvofiqdir.

Ayni paytda bunday targʻibot-tashviqot ishlari respublikamizning barcha tuman va shaharlarida izchil davom ettirilmoqda.