Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Ona-Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyat va an’analarga hurmat, o‘z xalqi va vataniga sadoqat bilan xizmat qiladigan azmu-shijoatli yoshlarni kamol toptirish maqsadida Yoshlar oyligi doirasida Milliy gvardiya Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasida "Tinchlik, taraqqiyot va farovonlik uchun!" shiori ostida "Harbiy qismda bir kun" loyihasi amalga oshirildi.
Tadbirda, uyushmagan yoshlar, oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, Milliy gvardiyaga biriktirilgan harbiy vatanparvarlik sinf o‘quvchilari hamda harbiy xizmatchi va xodimlarining farzandlari ishtirok etdilar. Mazkur loyiha doirasida o‘quvchilar uchun qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, kamondan otish va ot sporti turlari bo‘yicha mahorat darslari, harbiy texnikalar va tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Loyihaning ikkinchi qismida "Qo‘riqlash" boshqarmasi ma’muriy binosida yoshlar hamda soha faxriylari ishtirokida uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv doirasida yoshlarga Milliy gvardiya faoliyati va sohada ko‘p yillik xizmat qilgan faxriylarning hayot tajribalaridan misollar keltirib o‘tildi. Xar bir kishi jamiyat uchun qandaydir ezgu va sharafli ishlar qilishi zarur ekanligi alohida ta’kidlandi.