SPORTCHILARIMIZDAN XALQARO ARЕNALARIDA NAVBATDAGI G‘ALABALAR
Joriy yilning 13-17 sentyabr kunlari Toshkent shahrida sportning kikboksing turi bo‘yicha "Uzbekistan Open-3" xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli musobaqada 23 davlatdan 683 sportchi g‘alaba uchun qizg‘in kurash olib bordi. Kuchli va tajribali sportchilar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi "Qo‘riqlash" bosh boshqarmasi saflarida xizmat qilayotgan xodimlar ham munosib ishtirok etishdi.
Shiddatli va murosasiz kechgan bahslarning yakuniy natijalariga ko‘ra Buxoro viloyati "Qo‘riqlash" boshqarmasi xodimi Hayotov Maxmud 73 kg vazn toifasida Yevroosiyo qit’asi davlatlaridan tashrif buyurgan sportchilar ustidan g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Mazkur turnirda davlatimiz sha’nini munosib himoya qilgan Jizzax viloyati "Qo‘riqlash" boshqarmasi harbiylashtirilgan qo‘riqlash nazoratchilari, Bozorboyev Abbos 71 kg vazn toifasida hamda Meliyeva Anoraxon 65 kg vazn toifasida kumush medallarini qo‘lga kiritdilar.
Shuningdek, joriy yilning 15-17 sentyabr kunlari poytaxtimizdagi "Jar" sport majmuasida sportning Djit Kun-Do turi bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqalari o‘tkazildi. Mazkur musobaqada "Qo‘riqlash" bosh boshqarmasi xodimlari xam faol ishtirok etishdi.
Xususan, Xorazm viloyati "Qo‘riqlash" boshqarmasining safdor-xodimlari Xasanov Ilhom 63 kg vazn toifasida faxrli 1-o‘rinni, Ismoilov Do‘st esa 76 kg vazn toifasida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
"Qo‘riqlash" bosh boshqarmasi rahbariyati va shaxsiy tarkibi safdoshlarimizni erishgan zafarlari bilan muborakbod etib, kelgusi musobaqalarda ham g‘alaba va muvaffaqiyatni qo‘ldan bermasdan, faqat ulkan yutuq sohiblari bo‘lishlarini tilab qoladi!