MUHOKAMA MARKAZIDA XIZMAT INTIZOMI MASALALARI
"Qoʻriqlash" saflarida xizmat qilayotgan xodimlarning xizmat intizomini yanada mustahkamlash, ular orasida huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish va ularning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida Milliy gvardiya Fargʻona viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda viloyat Din ishlari boʻyicha qoʻmita aʼzolari, Fargʻona harbiy prokuraturasi masʼullari hamda Fargʻona shahar "Qoʻriqlash" boʻlimi shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, korrupsion holatlarning oldini olish hamda virtual olamda avj olayotgan tavakkalchilikka asoslangan turli oʻyinlarning ayanchli yakuni kabi dolzarb mavzular haqida soʻz bordi. Shaxsiy tarkib orasidagi muammolarni oʻrganish, ularni erta aniqlash hamda bartaraf etish maqsadida masʼullarga zaruriy koʻrsatmalar ham berildi.
2023 yil davomida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va xizmat intizomi buzilish holatlari aniq misollar va videoroliklar bilan koʻrsatib oʻtildi.
Shuningdek, radikallashuv, din va davlat munosabatlari haqida ham atroflicha soʻz borib, xizmat samaradorligini yanada oshirish lozimligi qayd etildi. Bu kabi tadbirlar xodimlar oʻrtasida huquqbuzarliklarni oldini olish hamda ijtimoiy muhitni yaxshilashga xizmat qilmoqda.