KITOB – ILM UMMONING ENG QIMMATLI JAVOHIRIDIR
Bugungi kunda mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirishga davlat siyosati darajasida qaralmoqda. So‘ngi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan aholi, xususan, xodimlar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, bu orqali ma’naviy-ma’rifiy muhitni yuksaltirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, xodimlarni kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish va shu orqali ma’naviy dunyosini boyitish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida kuni kecha Farg‘ona viloyati "Qo‘riqlash" boshqarmasida kitob yarmarkasi tashkil etildi.
Badiiy, ilmiy, jahon adabiyotining nodir asarlari, turli janrlarda chop etilgan kitoblar o‘rin olgan yarmarkada, xodimlar o‘zlari qiziqqan kitoblarni xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Taqdim etilgan bir qator adabiyotlar, ayniqsa buyuk bobokalonimiz Amir Temur haqida, shuningdek, taniqli adiblarimiz O‘tkir Hoshimov, Tohir Malik hamda jahon adabiyoti namoyandalarining qator asarlari va boshqa adabiyotlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Bu kabi ezgu tashabbuslar "Qo‘riqlash" boshqarmasining hududiy bo‘linmalari tomonidan viloyatning barcha hududlari bo‘ylab davom etmoqda.