Yangiliklar

22 Mart 2024

TERMIZDA YOSHLAR OʻRTASIDA STOL TENNISI MUSOBAQASI TASHKIL ETILDI

Keyingi yillarda yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning natijasida aholi, ayniqsa yoshlarimiz oʻzlari xush koʻrgan sport turlari bilan shugʻullanish orqali har tomonlama sogʻlom boʻlib kamol topmoqda.
Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi tashabbusi bilan Termiz shahridagi 26-sonli umumtaʼlim maktabida tashkil etilgan navbatdagi sport musobaqasi ham oʻgʻil-qizlar orasidan sportga toblangan iqtidorlilarni saralab olishga xizmat qildi. Stol tennis boʻyicha oʻtkazilgan birinchilik musobaqasida oʻgʻil bolalar va qizlar yakkalik bahslarida oʻz imkoniyatlarini sinab koʻrdilar. 100 nafarga yaqin ishtirokchilar qatnashgan bellashuvlarda yoshlar chaqqon va ziyrakligini namoyon etdilar. Ayniqsa final bahslari yanada qizgʻin va murosasiz boʻldi. Musobaqa yakunida faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritib gʻolib boʻlgan oʻgʻil-qizlar "Qoʻriqlash" boshqarmasi boshligʻi tomonidan diplom, medal, kubok hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.