TASHKIL ETILAYOTGAN SAYYOR QABULLAR MUAMMOLARNI YECHISHGA YORDAM BЕRMOQDA
Farg‘ona viloyati "Qo‘riqlash" boshqarmasida xizmat qilayotgan xodimlar uchun Farg‘ona harbiy prokurori katta yordamchisi adliya podpolkovnigi Sh.Toshmatov tomonidan sayyor qabul tashkil etildi.
O‘tkazilgan sayyor qabul jarayonida "Qo‘riqlash" boshqarmasi saflarida xizmat qilayotgan xodimlarning muammo va takliflari tinglanib, o‘zlarini qiynab kelayotgan savollar va muammolar to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘rtaga tashlandi va ularning aksariyati shu joyning o‘zida hal etildi.
Xodimlarning oilalarini bo‘sh ish o‘rinlari bilan ta’minlash kabi qator muammolar ham tinglandi va ularni hal qilish borasida mas’ul xodimlarga kerakli ko‘rsatmalar berib borildi.
Aytish o‘rinliki, bu kabi sayyor qabullar keyingi vaqtlarda o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Bu esa xodimlarni o‘z vazifalariga nisbatan ishonch uyg‘otish bilan birga muammolarni hal etishda asosiy tayanch ko‘prik vazifasini ham o‘tamoqda desak xato bo‘lmaydi.