SURXONDARYODA HUQUQNI MUHOFAZA QILUVCHI ORGAN XODIMLARI STOL TENNISIDA OMADLARINI SINAB KO‘RISHDI
Kuni kecha Termiz shahrida “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Surxondaryo viloyati Kengashi mas’ullari tomonidan viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari o‘rtasida sportning stol tennisi turi bo‘yicha viloyat birinchiligi musobaqasi tashkil etildi.
Unda Milliy gvardiya, “Qo‘riqlash”, DXX, IIB hamda Bojxona boshqarmalari, Janubiy operativ qo‘mondonligi, DXX Chegara qo‘shinlari, “Termiz” xalqaro aeroportida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha alohida batalonidan saralab olingan sportchilar jamoaviy va shaxsiy birinchilik yo‘nalishlarida o‘zaro bellashishdi.
Qizg‘in bahslarga boy tarzda o‘tgan uchrashuv natijalariga ko‘ra erkaklar o‘rtasida jamoaviy o‘yinda faxrli birinchi o‘rinni DXX Chegara qo‘shinlari vakillari qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni viloyat “Qo‘riqlash” boshqarmasi jamoasi egalladi. Uchinchi o‘rinni esa DXX boshqarmasi sportchilari qo‘lga kiritishdi.
Ayollar o‘rtasida jamoaviy musobaqada birinchi o‘rinni viloyat IIB jamoasi, ikkinchi o‘rinni Milliy gvardiya boshqarmasi, uchinchi o‘rinni DXX boshqarmasi jamoasi qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, shaxsiy birinchilik bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, barcha g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplomi, medal, kubok hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.