Yangiliklar

3 Iyun 2024

Har yili oʻtkaziladigan Milliy gvardiya kinolog-mutaxassislarining xizmat koʻpkurashi boʻyicha ochiq musobaqasiga start berildi.

Bugun Bojxona qoʻmitasining Milliy kinologiya markazida Milliy gvardiya tashabbusi bilan har yili oʻtkaziladigan Milliy gvardiya kinolog-mutaxassislarining xizmat koʻpkurashi boʻyicha ochiq musobaqasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Milliy gvardiya Qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik M.J.Gʻaniyev hamda Bojxona qoʻmitasi raisi oʻrinbosari polkovnik Choriyev O.B. lar soʻzga chiqib, musobaqa ishtirokchilariga oldinda turgan murosasiz bahslarda omad va zafarlar tilashdi.
Taʼkidlash joizki, bu yilgi musobaqada Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Bojxona qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligining saralangan mutaxassislari bilan bir qatorda Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Qozogʻiston va Belarus Respublikalarining huquqni muhofaza qiluvchi organlari kinolog-mutaxassislari ham ishtirok etishmoqda.
5 kun davom etadigan musobaqada jami 12 ta jamoa, 27 nafar kinolog-mutaxassislar ishtirok etib, shahar va dala sharoitida iz qidiruv, shartli jinoyatchini zararsizlantirish, toʻsiqlarni yengib oʻtish hamda 1600 metr masofaga xizmat iti bilan yugurish, maxsus mashqlarni bajarish singari shartlarda bellashishadi.
Bugun musobaqaning 1 kuni doirasida ishtirokchilar shartli jinoyatchini zararsizlantirish sharti boʻyicha kuch sinashishdi.
Musobaqa jarayonlaridan ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarimiz orqali batafsil maʼlumot berib boriladi.