Yangiliklar

22 Aprel 2025

Qoʻriqlash xodimlari oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyinlari oʻtkazilmoqda

Qoʻriqlash Departamenti va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan xodimlar oʻrtasida turli maʼrifiy va intellektual tadbirlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, Namangan viloyatining Davlatobod tumanida joylashgan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – Ziyo maskani”da xodimlar oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyini boʻlib oʻtdi. Ushbu bellashuvda toʻrtta jamoa faol ishtirok etdi va oʻz bilimi, zehni hamda jamoaviy hamkorlikda ishlash mahoratini namoyon qildi.
Qizgʻin va ruhlantiruvchi tarzda oʻtgan oʻyin yakunida “Temuriylar” jamoasi barcha raqiblarini ortda qoldirib, munosib gʻalabaga erishdi.
Bu kabi intellektual oʻyin Toshkent mintaqaviy oʻquv markazi tinglovchilari oʻrtasida ham “Amir Temur izdoshlari” shiori ostida oʻtkazildi.
Unda jamoalarga Sohibqiron hayoti va faoliyatiga oid qiziqarli maʼlumotlar, uning jahon maydonida tutgan oʻrni va ahamiyati, amalga oshirgan buyuk bunyodkorlik ishlari, davlat boshqaruv sanʼati hamda sarkardalik mahorati bilan bogʻliq savollar berildi.
Qiziqarli va bahs-munozaralarga boy tarzda oʻtkazilgan bellashuv yakuniga koʻra berilgan savollarga tez va aniq javob bergan “Qalqon” jamoasi birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Gʻolib va sovrindorlar, shuningdek faol ishtirok etgan xodimlar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Taʼkidlash joizki, bunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar xodimlar oʻrtasida ijobiy raqobat muhitini yaratish, bilim va intellektual salohiyatni oshirish, shuningdek, jamoaviy ruhni mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi.